SSV: Pediatriya markazida bolalarda uchraydigan murakkab kasalliklarni noyob operatsiyalar orqali davolash yo‘lga qo‘yilmoqda
Bolajon xalqmiz. Bu fazilat davlatimizning yosh avlodga doir siyosatiga ham to‘la-to‘kis ko‘chgan. Xususan, ertamiz egalari salomatligi alohida e’tiborda. Go‘daklarni hali ona vujudida ekanligidayoq shifokorlar nazoratiga olish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
O‘z navbatida, ularning har tomonlama sog‘lom bo‘lib voyaga yetishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinyapti. Bunda Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining ham hissasi katta.
— So‘nggi ikki yilda ushbu muassasada dunyoning eng ilg‘or mamlakatlarida qo‘llanila boshlagan 39 ta yangi diagnostik va davolash usullari amaliyotga tatbiq etildi, — deydi markaz direktori Dilorom Ahmedova.
— Ushbu davrda yurtimizda ilk bor yuqori ichak tutqich arteriyasi sindromini eng ilg‘or texnologiyalar yordamida aniqlab, uni murakkab operatsiya orqali barataraf etish yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, mamlakatimizda birinchi marta 2 nafar jajji bemorda yuz nervining plastika mikroxirurgik operatsiyasi bajarildi. Natijada ularda yuz assimetriyasi va nuqsoni kaminvaziv yo‘l bilan muolaja qilindi.
E’tiborli jihati, bunday yutuqlarimiz poytaxt bilan chegaralanib qolmay, hududlarda ham amaliyotga keng tatbiq etilyapti.
Jumladan, Jizzax, Farg‘ona, Toshkent viloyatlarida ilk bor tizimli boshlanuvchi yuvenil artrit aniqlangan bolalarni genno-injener terapiyasi orqali davolash o‘zlashtirildi.
Shuningdek, bolalarda malabsorsiya sindromini ichaklar bareri o‘tkazuvchanligini hisobga olgan holda differensiyalangan muolaja qilish hamda mukovissidoz kasalligini ham shu usulda davolash yo‘lga qo‘yildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.